O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot mamlakatimizda yoshlar siyosati, ta’lim tizimi va innovasion rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim strategik tashabbus sifatida yuksak ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv davomida yoshlarning ilmiy va innovasion faolligini oshirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sifatini yuksaltirish, sport va ma’naviy-ma’rifiy ishlar ko‘lamini kengaytirish hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlash yuzasidan aniq va ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Toshkent shahridagi Adju universiteti mazkur vazifalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni izchil davom ettiradi.
Ilmiy va innovasion faollikni kuchaytirish universitetning 2030-yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasida asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Universitetda xalqaro ilmiy konferensiyalar, amaliy forumlar va innovasion tadbirlar muntazam tashkil etilmoqda. Ilmiy izlanishlarni amaliyot bilan integratsiya qilish va sanoat hamkorligini mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Strategik xalqaro hamkorlik universitetning ilmiy salohiyati va xalqaro nufuzini mustahkamlamoqda. Korean Institute of Climate Change (KICC), Energy Experts Training Centre (EETC), Malaysia-Uzbekistan Higher Education Consortium va Universiti Pendidikan Sultan Idris (UPSI) kabi hamkorlar bilan olib borilayotgan tadqiqotlar iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish, energiya transformatsiyasi va ta’lim innovatsiyasi kabi global masalalarni hal etishga xizmat qilmoqda.
Startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida “International Young Innovative Hackathon” kabi xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, XVIII–XIX Xalqaro Venesiya me’morchilik biennalesida O‘zbekiston milliy pavilonini tayyorlash jarayonida universitet talabalarining ishtirok etishi ularning amaliy salohiyati va xalqaro maydondagi faolligini yaqqol namoyon etdi.
Startap ekotizimini rivojlantirish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va innovasion g‘oyalarni tijoratlashtirish masalalari ham universitet faoliyatida ustuvor ahamiyatga ega. Biz yoshlarni faqat bilimli emas, balki tashabbuskor va raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlashni maqsad qilganmiz.
Ta’lim sifatini yuksaltirish maqsadida xalqaro standartlarga asoslangan o‘quv dasturlari joriy etilgan, ingliz tilida ta’lim yo‘lga qo‘yilgan, zamonaviy laboratoriyalar va raqamli texnologiyalar faol qo‘llanilmoqda.
Koreya ta’lim tajribasi asosida shakllangan akademik model yoshlarni global mehnat bozori talablariga mos mutaxassis sifatida tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Sport va ma’naviy-ma’rifiy ishlar universitet hayotining ajralmas qismi hisoblanadi.
Zamonaviy sport infratuzilmasi, madaniy tadbirlar, volontyorlik va tarbiyaviy loyihalar orqali talabalarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishi ta’minlanmoqda. Talabalar uyushmasi hamda 20 dan ortiq klublar talabalarning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan har payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinishi talabalarning sport, ijodiy jamoalar, fan-o‘quv guruhlari va ijtimoiy tashabbuslar orqali o‘z salohiyatini yana bir bor namoyon etishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Bitiruvchilar bandligini ta’minlash maqsadida 60 dan ortiq sanoat korxonalari va ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Amaliyot dasturlari, Koreya kompaniyalari bilan xalqaro almashinuv va kasbiy tayyorgarlik mexanizmlari orqali talabalarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasi ta’minlanmoqda. Bu esa yosh mutaxassislarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Toshkent shahridagi Adju universiteti davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan barcha ustuvor vazifalarni mas’uliyat bilan amalga oshirishga tayyor ekanligini ma’lum qiladi.
Universitet jamoasi yoshlarning intellektual, kasbiy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash hamda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan mutaxassislar sifatida tayyorlash yo‘lida faoliyatni yanada kuchaytiradi.
Toshkent shahridagi Adju universiteti rektori
professor Muratov G.A.