icon

Qo'ng'iroqlar markazi

+998 71 208-69-69
+998 71 207-65-66
icon

Qo'ng'iroqlar markazi

+998 71 207-65-25
+998 71 207-65-27

Toshkent shahridagi Adju Universiteti tarixi

Toshkent shahridagi Adju Universiteti tarixi

Toshkent shahridagi Adju universiteti Koreya akademik tajribasining boy merosini va Markaziy Osiyoning jo‘shqin ruhini uyg‘unlashtirgan noyob ta’lim muassasasidir. Madaniyatlar o‘rtasidagi ko‘prik sifatida barpo etilgan bu universitet innovatsiyalar, global ta’lim va mukammallikka intilishning ramziga aylandi.
 

Toshkentda Adju universitetini tashkil etish g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining oliy ta’lim tizimini zamonaviylashtirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish borasidagi strategik qarashlaridan kelib chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yildagi 4041-sonli qarori bilan O‘zbekiston zaminida nufuzli Adju universitetining (Koreya Respublikasi) filiali ochildi. Bu qaror mintaqaning ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
 

2020-yilda Toshkent shahridagi Adju universiteti o‘z ta’lim faoliyatini boshlab, mintaqada Koreya ta’lim modelining birinchi va yagona vakiliga aylandi. Universitet tashkil etilgan dastlabki kunlardanoq o‘zini xalqaro ta’limning yetakchisi sifatida ko‘rsatib, talabalarga o‘z vatanlarini tark etmagan holda Janubiy Koreyaning eng nufuzli universitetlaridan birining diplomini olish imkoniyatini taqdim etdi.
 

Universitet o‘z oldiga qo‘ygan oliy maqsad, ya’ni “XXI – asrda Markaziy Osiyoda eng nufuzli universitet” maqomini olish uchun aniq reja-dasturlar asosida tadbirlar amalga oshirila boshladi.

Avvalo O‘zbekiston hukumati ko‘magi bilan zamonaviy, qulay sharoitlarga ega bo‘lgan kampus barpo qilindi. Qisqa muddat ichida bir paytda 1700 ta talaba o‘qishi uchun  50 ga yaqin auditoriyalar, ma’ruzalar zali, konferens xoll, laboratoriyalar va kutubxonani o‘z ichiga olgan 5 ta o‘quv binosi ishga tushirildi. Ikkita yotoqxona, sport zali, tashqi sport maydonlari, yopiq tennis korti foydalanishga topshirildi.
 

Ta’lim faoliyatiga Adju universitetining (Koreya Respublikasi) global nufuzga ega bo‘lgan ta’lim, tadqiqot va akademik dasturlari tatbiq qilindi. Koreyalik va boshqa xorijiy davlatlardan salohiyatli professor va mutaxassislar jalb etildi.
 

Dastlabki yillarda qurilish, arxitektura, elektrotexnika va boshqa talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yangi ta’lim dasturlari ishlab chiqildi va joriy etildi. Mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimi ta’lim va fan uzviyligi va uzluksizligi tamoyili, shuningdek, jahon ta’lim hamda ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalash asosida rivojlantirish yo‘lga qo‘yildi.
 

Ta’lim va ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlar, jumladan Janubiy Koreya, AQSH, Germaniya, Polsha, Malayziya, Indoneziya, Tojikiston, Qozoqiston  Respublikasining yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik munosabatlari o‘rnatildi.
 

Oradan besh yil o‘tib 2025-yilga kelib universitetda bakalavriyatning jami 9 ta ta’lim yo‘nalishida, shu jumladan arxitektura, interer dizayn, qurilish muhandisligi, elektrotexnika va kompyuter muhandisligi, dasturiy ta’minot muhandislishi, biznes boshqaruv, IT biznes, koreys filologiyasi va menejment, ingliz filologiyasi va menejment ta’lim yo‘nalishlarida 1500 tadan ortiq yoshlar ta’lim ola boshladi.
 

2024-yilda ilk bor 400 dan ortiq talabalarimiz o‘qishni muvafaqqiyatli tugatdi. Bitiruvchilar O‘zbekistonda va xorijda tan olinadigan xalqaro namunadagi diplomga ega bo‘ladilar, bu esa ularning kasbiy imkoniyatlar dunyosiga yo‘l ochdi.
 

Biz ta’lim kuchiga ishonamiz, u nafaqat siz talabalarni, balki butun jamiyatni taraqqiyot va farovonlikka olib kelgan. Qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlab, ularning mahalliy va xalqaro darajada muvaffaqiyatli ishlashlariga yordam berishga intildi.
 

Toshkent shahridagi Adju universiteti Janubiy Koreyaning Adju Universiteti global jamoasining bir bo‘lagi bo‘lib, innovatsiyalar, ilmiy tadqiqotlar va barqaror rivojlanish uchun yetakchilarni tayyorlashga qaratilgan yetakchi o‘quv muassasasiga aylanganmoqda. Umid qilamizki, universitetimiz o‘n yilliklar o‘tganidan keyin ham bilimga, rivojlanishga va yetakchilikka intilganlar uchun tayanch bo‘lib qoladi.
 

Universitet koreys akademik ta’lim an’analari hamda o‘zbek qadriyatlarini birlashtirgan ikki xalq madaniyati va mamlakati o‘rtasidagi ko‘prikdir.

Biz g‘oyalar tug‘iladigan, yetakchilar shakllanadigan va imkoniyatlar yaratiladigan muhitni bunyod etmoqdamiz. Ishonamizki, Siz ham Adju universiteti talabasi bo‘lganingiz bilan fahrlanasiz hamda dunyoning eng zo‘r mutaxassisiga aylanasiz. Bu muvaffaqiyat tarixining davomi sifatida, yangi talabalarni uning bir qismi bo‘lishga taklif etishdan mamnunmiz!